02:38 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB132.07
  • EUR12003.57
  • USD10321.21
Dunyoda
Havola olish
1249 0 0

Qirgʻiziston COVID-19 qurbonlari soni boʻyicha peshqadamlik qilmoqda, Tojikiston 17 avgustdan taʼlim dargohlarini ochmoqchi, BSSTning Turkmanistonga tashrifi yakunlari - hafta davomida sodir boʻlgan muhim voqealar – Sputnik sharhida.

TOSHKENT, 19 iyul — Sputnik. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlarida jami 118 650 ta koronavirusni yuqtirganlik holati qayd etilgan.

Qozogʻiston

Qozogʻiston aniqlangan holat va oʻlim koʻrsatkichlari boʻyicha hamon yetakchilik qilmoqda. U hatto MDH davlatlari orasida karantin joriy etishni istamagan Belarusni ortda qoldirdi va ikkinchi oʻringa koʻtarildi. Kuniga 1600 mingdan ziyod yangi kasallanish holatlari aniqlanmoqda.

Oʻtgan kun davomida Qozogʻistonda 1636 ta yangi holat tasdiqlandi. Kasallanganlarning umumiy soni 70 339 nafarga yetgan (kasallik alomatlarsiz kechayotgan bemorlar shular jumlasidandir). Sogʻayganlar soni 43 029 nafarni tashkil qilmoqda. 14 iyul holatiga koʻra jami 396 ta oʻlim holati kuzatilgan (Mamlakat oʻlim borasida berilayotgan siyosatni oʻzgartirdi, endilikda koronavirus qurbonlari haqida haftada bir marotaba maʼlumot taqdim etiladi).

Qozogʻiston prezidenti Qosim Jomart-Toqayev kuni kecha yigʻilish oʻtkazib, hukumat va akimlar ish faoliyatini tanqid ostiga oldi. Davlat rahbari dori-darmon yetishmasligi va dorixonalardagi navbatlar borasida alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, unga narxlarning sunʼiy koʻtarilgani ham maʼlum ekanini taʼkidladi.

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy mamlakatda koronavirus va pnevmoniyaga oid statistika 1 avgustdan birlashtirilishini maʼlum qildi.

Mamlakatda 1 yanvardan 15 iyulgacha 234 187 ta pnevmoniya bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Ushbu kasallikdan 3327 kishi vafot etgan. 

Agar koronavirus va pnevmoniya statistikasi birlashtirilsa, mamlakat koronavirus aniqlangan davlatlar ichida yetakchi oʻringa koʻtarilishi mumkin.

Qirgʻiziston

Qirgʻiziston koronavirus va pnevmoniya statistikasini birlashtirishga qaror qildi. Shu bois koronavirus bilan kasallanganlar soni bu mamlakatda keskin oshib ketdi. Qirgʻiziston endilikda mintaqada oʻlim boʻyicha birinchi, aniqlangan holatlar boʻyicha ikkinchi oʻringa koʻtarildi.

Oʻtgan sutkada U07.1 (laboratoriyada tasdiqlangan COVID-19) va U07.2 (klinik-epidemiologik tasdiqlangan COVID-19 - kasalxonadan tashqari pnevmoniya) kodlari bilan 1264 ta yangi holat aniqlangan. Shu tariqa, koronavirus yuqtirib olganlarning umumiy soni 25 048 nafarni tashkil etmoqda. 4495 kishi tuzalgan. 853 nafari virus qurboniga aylangan.

Qirgʻizistonga turli mamlakatlar yordam qoʻlini choʻzmoqda. Rossiya ham 51 kishidan iborat shifokorlar guruhi va shaxsiy himoya vositalari va dori-darmonlar bilan yordam beradi. Rossiyalik mutaxassislar tashrifi 22 iyul kuni amalga oshishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston

18 iyul kuni mamlakatda 579 ta koronavirus bilan kasallanish holati qayd etildi. Shundan 138 tasi karantin muassasalarida, 441 tasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlgani sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan. Bu ketma-ket 500 tadan ortiq holatning qayd etilishi (17 iyul kuni 541 ta holat).

2020 yil 19 iyul soat 10:00 holatiga koʻra, mamlakatda 16 429 kishida koronavirus infektsiyasi aniqlandi.

Shu paytga qadar 9127 nafar koronavirus bilan kasallanganlar (56 foiz) tuzalib ketgan. Virus jami 84 kishini bevaqt hayotdan olib ketdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hafta davomida ikki marta videoselektor yigʻilishida koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Prezident koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarning talab darajasida tashkil etilmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shugʻullanmagani uchun sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qildi.

Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayotgani, dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgani tanqid qilindi. Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

"Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsa, oʻzi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsa. Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib oʻtamiz", – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekistondagi barcha xususiy klinikalarga koronovirusga test olish va davolashga ruxsat berildi. Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan taʼminlanishi belgilandi.

Endilikda koronavirus alomatlari sezilgan bemorlar test tahlili natijalarisiz ham tibbiyot muassasalariga joylashtirilishi mumkin.

Oʻzbekiston farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan ularni olib chiqishni vaqtincha taqiqladi.

Tojikiston

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, aniqlanayotgan kunlik holatlar 43-52 tani tashkil etadi. Oʻtgan kun davomida 48 kishida koronavirus aniqlangan boʻlsa, 46 kishi darddan forigʻ boʻlgan.

Koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 6834 nafarga yetgan. Shulardan 5529 nafari (80,9 foizi) tuzalib ketishga muvaffaq boʻlgan. Bu mintaqadagi eng yuqori koʻrsatgich. Pandemiya boshlanganidan buyon 57 kishi qurbon boʻlgan.

Tojikistonda 17 avgustdan taʼlim muassaslari ochilishi kutilmoqda. Rasmiylar ushbu qaror koronavirusga qarshi kurashish respublika shtabi bilan maslahatlashilgan holda qabul qilinganini taʼkidlagan. Dastlabki ikki haftada oʻtgan yilda qolib ketgan darslar takrorlanadi. Agarda mamlakatda epidemiologik vaziyat murakkablashsa, maktablar onlayn rejimga oʻtkazilishi mumkin.

Turkmaniston

Turkmaniston mintaqada hozirga qadar koronavirus rasman qayd etilmagan va mintaqadagi infektsiyadan xoli mamlakat boʻlib turibdi. Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (BSST) missiyasi rahbari Katarina Smolvud missiyaning mamlakat boʻylab 10 kunlik safari yakuniga bagʻishlangan brifingda Turkmanistonda koronavirus bilan kasallanish holati aniqlangani haqida maʼlum qilmadi.

Shu kunlarda Turkmanistonda koronavirus yoʻqligi haqidagi xabarlarga qaramasdan mamlakatda niqob taqib yurish majburiy etib belgilandi, bozorlar va savdo markazlari vaqtincha yopildi. Shuningdek, masjidlar ham yopilib, poyezdlar qatnovi vaqtincha toʻxtatildi.

Eslatib oʻtamiz, BSST taqdim etgan soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab 14,4 milliondan ziyod kishi koronavirusni yuqtirib olgan. 8,6 milliondan ortiq kishi shifo topgan. Qurbonlar soni 600 mingdan oshgan.

Asosiy mavzular