14:25 27 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Dunyoda
Havola olish
160 0 0

Tolibon vakili Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va ushbu davlat hududidan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid paydo boʻlmasligini vaʼda berdi.

TOSHKENT, 15 sen - Sputnik. Afgʻoniston tomonidan Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga xavf, tahdid paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz, dedi Doxada Afgʻoniston hukumati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida "Tolibon" harakatining Qatardagi vakolatxonasi rahbari Mulla Birodar, UzA xabariga asosan.

Shuningdek "Tolibon" vakili Oʻzbekiston tomonidan Afgʻoniston hududida tinchlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy harakatlarni hamda Oʻzbekistonning Afgʻoniston hududida amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalarini yuqori baholadi. 

– Oʻzbekiston oʻz tashqi siyosatida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasiga ustuvor masala sifatida qarashini yaxshi bilamiz. Shu yilning fevral oyida ham Dohada Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri bilan afgʻon muammosini ijobiy hal etish boʻyicha fikr almashgan edik.

Tinchlik muzokaralari doirasida Oʻzbekistonda ham tashrif bilan boʻlganmiz va qator yuzma-yuz muloqotlarda qatnashganmiz. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik hukm surishi uchun doimiy ravishda olib borayotgan saʼyi-harakatlarini yuqori baholaymiz. Janob Mirziyoyevning tinchlikni taʼminlash borasidagi koʻrsatmalari, yoʻnalishlari biz uchun qadrli. Chunki rasmiy Toshkent bu tashabbusi bilan nafaqat Afgʻoniston yoki Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo xalqlariga tinchlik va osuda hayotni taʼminlashni maqsad qilganini yaxshi bilamiz. Bugun Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonni qayta tiklash ishlarida ham faol.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan Afgʻonistonda amalga oshirilayotgan Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar yoʻnalishi boʻyicha temiryoʻl, Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi kabi yirik loyihalar tahsinga loyiq. Ushbu xayrli ishlar Afgʻoniston uchun ham zarur va bu afgʻon iqtisodiyotini koʻtarishda muhim turtki boʻlishiga ishonamiz.

Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun oʻzbekistonlik koʻplab mutaxassislar Afgʻonistonda faoliyat yuritadi. Ularning xavfsizligini taʼminlash xam muhim masala. Bu jihatni eʼtibordan chetda qoldirmagan xolda, asosiy diqqatni shunga qaratamiz.

Xabaringiz bor, bundan bir necha oy muqaddam, Dohada Tolibon harakati va AQSH oʻrtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Shu qadamlarning oʻziyoq Tolibon harakati tinchlik tarafdori ekanligini koʻrsatadi. Biz kelishuv shartlarini bajaramiz albatta. Shu nuqtai nazardan aytishim mumkinki, kelgusida Afgʻoniston tomonidan Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga xavf, tahdid paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz.

Ishonchim komilki, Oʻzbekiston bilan qoʻshnichilik aloqalari yanada mustahkamlanadi. Iliq va samimiy munosabatlar har ikki mamlakat barqarorligi uchun xizmat qiladi. Yana shuni alohida qayd etmoqchimanki, kelgusida Afgʻon zaminida radikal kayfiyatdagi guruh va tashkilotlar, terrorchilik guruhlari boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Tinchlik kelishuvida nafaqat Tolibon, balki Amerika tomonining xam majburiyatlari bor.

Unga koʻra, rasmiy Vashington Afgʻonistondan oʻz harbiy qoʻshinlarini olib chiqib ketadi. Harbiylar mamlakatni tark etgach, biz Afgʻonistonni osudalik, tinchlik uyiga aylantiramiz. Mamlakatda barqarorlik hukm surishiga erishamiz.

Sir emas, soʻnggi yillarda Afgʻonistonda harbiy harakatlar tufayli vayronagarchiliklar kuzatildi, afgʻon xalqining hayoti izdan chiqdi. Ana shu urush talafotlarini bartaraf etishda qoʻshni mamlakatlar, xususan markaziy Osiyoning yirik mamlakatlaridan biri hisoblangan Oʻzbekiston tomoni yaqindan yordam berayotganini qadrlaymiz, - dedi Mulla Birodar.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi bir necha oy davomida ham Afgʻoniston hududida terrorchilik aktlari, hukumat qoʻshinlariga uyushtirilayotgan hujumlar toʻxtagani yoʻq. Shuningdek biroz oldin Afgʻonistonda Oʻzbekiston temir yoʻl kompaniyasi vakili ham jarohat olgani haqida xabar bergan edik. 

 

 

Asosiy mavzular