TOSHKENT, 11 okt — Sputnik. Bugun, 11 oktyabr kuni, mustaqil Tojikiston tarixida oltinchi prezident saylovlariga ovoz berish boshlandi.
Sputnik Tojikiston xabariga koʻra, respublika hududida jami 3 414 ta saylov uchastkalari ochilgan. Ular mahalliy vaqt bilan 20:00 da yopiladi.

Bundan tashqari, 29 ta xorijiy mamlakatda 39 ta saylov uchastkalari ochilgan. Rossiyada ovoz berish beshta shaharda – Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Ufa va Yekaterinburgda boʻlib oʻtadi.
Bu yil mamlakat prezidenti lavozimiga 5 nafar nomzod daʼvogarlik qilmoqda: Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi va respublika Yoshlar ittifoqi, Xalq demokratik partiyasidan Emomali Rahmon, Agrar partiyasidan Rustam Latifzoda, Sotsialistik partiyasidan Abduhalim Gʻafforov, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasidan Rustam Rahmatzoda va Kommunistik partiyadan Miroj Abdulloyev.

Saylovlarda gʻalaba qozonish uchun saylovchilarning kamida 50 foizining ovozini toʻplash kerak. Bunda saylovlardagi ishtirok 50 foizdan kam boʻlmasligi lozim. 1994 yildan boshlab barcha saylovlarda amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmon gʻolib boʻlgan. Prezident yashirin ovoz berish yoʻli bilan yetti yilga saylanadi.