TOSHKENT, 3 dek — Sputnik. 27 sentyabrdan 10 noyabrga qadar Togʻli Qorabogʻda davom etgan jangovar harakatlar davomida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining 2 783 nafar harbiy xizmatchilari halok boʻldi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar qilmoqda.
“Vatan urushida Qurolli kuchlarimizning 2783 nafar harbiy xizmatchilari halok boʻldi. 103 nafar harbiy xizmatchining shaxsi DNK tahlili usulida aniqlanmoqda”, - deyilgan xabarda.
Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, 100 nafardan ziyod kishi bedarak yoʻqolgan. Ularni joyini aniqlash va oilalariga berish choralari koʻrilmoqda.
“Hozirda tibbiyot muassasalarida 1245 nafar harbiy xizmatchilarimiz davolanmoqda”, - deya qoʻshimcha qilgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi.
Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyida oxirida yana boshlangan Togʻli Qorabogʻ mojarosi Rossiya, Ozarbayjon va Armanistonning uch tomonlama kelishuviga asosan 10 noyabrda toʻxtatilgan edi. Shundan soʻng hududga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilgan va kelishilgan holda Agdam, Kelbajar va Lochin hududlari Ozarbayjon ixtiyoriga berilgan edi.