TOSHKENT, 21 dek — Sputnik. Belarus xorijiy davlatlardan birinchi boʻlib koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaktsinasini roʻyxatga oldi. Bu haqda Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi (RFPI) xabar qildi.
“RFPI Belarus Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaktsinasiga roʻyxatga olinganlik guvohnomasi berilganini maʼlum qiladi. Shunday qilib, Belarus oʻz hududida vaktsinani rasman roʻyxatga olgan birinchi xorijiy davlat boʻldi”, - deyilgan xabarda.
Taʼkidlanishicha, hozir mamlakatda vaktsinani ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasida ish olib borilmoqda.
Belarusga “Sputnik V” vaktsinasining birinchi partiyasi sentyabr oxirida yetkazib berilgan edi. Koʻngillilarni emlash 1 oktyabrdan boshlangan.