TOSHKENT, 26 yanv — Sputnik. Qirgʻizistonning saylangan prezidenti Sadir Japarovning inauguratsiya marosimiga sobiq prezident Sooronbay Jeenbekov taklif qilindi. Buni prezident matbuot kotibi Galina Bayterek tasdiqladi.
Uning soʻzlariga koʻra, sobiq prezident Roza Otunbayeva va mamlakat rahbari lavozimiga boshqa nomzodlar ham taklif qilingan.
Mamlakatni uch yil davomida boshqargan Jeenbekov Qirgʻizistondagi 2020 yil oktyabr voqealaridan soʻng isteʼfoga chiqdi. Oʻsha paytda prezident vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov Jeenbekovning sobiq prezident maqomi toʻgʻrisidagi farmonni imzolagandi. 10 yanvarda mamlakatda oʻtkazilgan prezident saylovlarida Sadir Japarov gʻalaba qozondi.
Oʻtgan haftada Qirgʻiziston saylangan prezidenti Sadir Japarov inauguratsiya munosabati bilan maxsus kortej, ziyofat va boshqa tadbirlar oʻtkazilmasligini maʼlum qilgandi. Sadir Japarov siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mamlakat iqtisodiyoti uchun ogʻir boʻlgan tadbirlardan voz kechish zarurligini aytdi.
Inauguratsiya marosimi 28 yanvar kuni Milliy filarmoniya katta zalida boʻlib oʻtadi.