TOSHKENT, 3 fev — Sputnik. Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Ulukbek Maripovni respublika bosh vaziri etib tayinlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.
“Maripov Ulukbek Asamidinovich Qirgʻiz Respublikasining bosh vaziri etib tayinlandi”, - deyiladi prezident rasmiy saytidagi xabarda.
Sputnik Qirgʻiziston nashrining yozishicha, hozir mamlakatning yangi hukumati aʼzolari, jumladan, bosh vazir Ulukbek Maripov Joʻqorgʻi Kengashda qasamyod qilmoqda. Qasamyod prezident va parlament deputatlari tomonidan qabul qilinmoqda.
Ulukbek Maripov 41 yoshda. 2016 yildan beri Hisob palatasi raisi, qariyb 20 yildan buyon davlat xizmatida - Joʻqorgʻi Kengashi, Moliya vazirligi, FVV, prezident devonida ishlagan. 2011-2015 yillarda Almazbek Atambayevning yordamchisi boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, Qirgʻizistonda 10 yanvar kuni muddatidan avval davlat rahbari saylovlari boʻlib oʻtdi. Saylovchilarning 79 foizdan ortigʻi Sadir Japarovga ovoz berdi. Inauguratsiya marosimi 28 yanvar kuni boʻlib oʻtdi.