TOSHKENT, 31 may — Sputnik. Qirgʻiziston Chegara Qoʻmitasi xabariga koʻra, mamlakat chegarachilari chegarani buzib oʻtmoqchi boʻlgan qoidabuzarlarni toʻxtatish uchun oʻq uzishga majbur boʻlgan.
“31 may kuni yarim kunda Qirgʻiziston respublikasi chegarachilari davlat chegarasi yaqinida 10ga yaqin notanish kishilarni payqab qolishgan. Ular chegarachilar buyrugʻiga boʻy sunmagach, chegarachilar osmonga qarab ogohlantiruvchi oʻq otishga majbur boʻlishgan”, — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
Oʻq otilganidan keyin chegarabuzarlar Oʻzbekiston hududida yashiringan.
Eslatib oʻtamiz Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida turli xil hodisalar va tushunmovchiliklar tez-tez boʻlib turadi. Bunga sabab chegaraning baʼzi boʻlaklari aniq-ravshan belgilanmagani boʻlsa kerak. Baʼzan Qirgʻizistonlik choʻponlar qoʻy boqib bilmasdan Oʻzbekiston hududiga oʻtib ketadi, baʼzan aksincha. Bir necha oy oldin esa, chegara chizigʻi yaqinida yer osti tunneli topilgan edi.