Islom Karimov Surxondaryo va Qashqadaryoga tashrif buyurdi

© Fotoxost-agentstvo / Mediabankka o‘tishO‘zbekiston prezidenti Islom Karimov
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida 30-iyun kuni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga tashrif buyurdi.

TOShKENT, 1-iyul – Sputnik. Bir vaqtlar faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan cheklangan Surxondaryo bugungi kunda Sanoatning bir necha turlari izchil rivojlanmoqda. Zamonaviy, ilog‘or texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar ishga tushirilmoqda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik taraqqiy etmoqda, — O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabari asosida.

Mustaqillikning 25-yillik bayrami arfasida viloyatda 241 yangi loyihani foydalanishga topshirish mo‘ljallangan. Termiz tumanidagi “Janub quyoshi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 4,2 milliard so‘mlik investitsiyalar hisobiga yiliga 1,2 ming tonna sut mahsulotlarini qayta ishlash orqali quruq sut, pishloq, brinza va yogurt ishlab chiqarish o‘zlashtirilayotgan bo‘lsa, “Gold Dried Fruits” korxonasida uch million dollarlik investitsiyalar hisobiga 30 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini quritish va zamonaviy omborxona loyihasi ishga tushiriladi.

Tashrif davomida prezident viloyatdagi markaziy maydon, va xiyobonlarga tashrif buyurib bir qator tavsiyalar berdi. Jumladan, mahalliy iqlim sharoitiga mos rang-barang daraxtlar, anvoyi gullarni ko‘proq ekish zarurligini alohida qayd etdi. Viloyatda lola daraxtini ko‘paytirish uchun zamonaviy pitomnik tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berdi. Bunday noyob daraxtlar havoni tozalab, mo‘tadil haroratni saqlashini alohida ta’kidladi.

Ma’lumki viloyat dehqonchilik sohasida respublikada yetakchi o‘rinlardan birni egallagan. Prezidenti  “Yangiariq paxtakori” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, viloyat faollari va fermerlari bilan suhbatlashdi. Islom Karimov viloyat g‘allakorlarining ulkan yutuqlarini yuqori baholadi.

Shuningdek tashrif davomida Islom Karimov Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qildi.

© press-service.uzO‘zbekiston prezidenti Islom Karimov
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov

Kunning ikkinchi yarmida Prezident Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Mustaqillik yillarida Qashqadaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati misli ko‘rilmagan darajada yuksaldi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “Muborakneftgaz” unitar sho‘ba korxonasi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi zamonaviy sanoat korxonalari barpo etildi va “Hisorneftgaz”, “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” kabi yirik qo‘shma korxonalar tashkil qilindi.

Qarshi shahrining hududi 9 ming gektardan 17 ming gektarga kengaytirildi. Yangi yo‘l va ko‘priklar, ko‘p qavatli uy-joylar, bog‘ va xiyobonlar, xizmat ko‘rsatish obektlari bunyod etildi. O‘zbekiston, Mustaqillik, Amir Temur, Alisher Navoiy, Nasaf, Xonobod ko‘chalari kengaytirilib, atrofi obodonlashtirildi.

Tashrif davomida Prezident yangi ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan Qarshi temir yo‘l vokzaliga tashrif buyurdi.

Prezidenting 2012-yil 5-yanvardagi qaroriga muvofiq, Maroqand-Qarshi temir yo‘lining 141 kilometrlik uchastkasi to‘liq elektrlashtirildi. Poyezdlar harakatini boshqaradigan zamonaviy tizim yo‘lga o‘rnatildi. O‘tgan yilning 1-sentabri arafasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi Qarshi shahriga ilk qatnovini amalga oshirdi.

Islom Karimov, shuningdek, “Nasaf” markaziy stadionini borib ko‘rdi. 16 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu stadion xalqaro talablarga javob beradi. Bu yerda mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalar o‘tkazilishi mumkin.

Undan keyin Prezident Qarshi shahrining Mustaqillik va O‘zbekiston ko‘chalari chorrahasida bunyod etilgan kurantni va Mustaqillik ko‘chasi bo‘yidagi xiyobonni tomosha qildi. Shahar aholisi va mehmonlarining dam olishi uchun imkoniyat yaratish, maydonda mo‘tadil iqlimni ta’minlash maqsadida bu yerda ulkan favvoralar bunyod etildi. Turli shakl va kattalikdagi favvoralar shaharga salqinlik bag‘ishlaydi, tunda rang-barang chiroqlar yog‘dusida jilolanadi. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, Qarshi shahrida 50 ta favvora qurilishi rejalashtirilgan, bugungi kunda ularning 28 tasi ishlab turibdi.

Islom Karimov Qarshi shahar ma’muriyatiga shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yaratilgan qulayliklarni tobora oshirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

Yangiliklar lentasi
0