Virtual qabulxona: murojaat qiluvchilarga kerakli tavsiyalar

© SputnikShavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi
Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
11 oktabr kuni umumiy murojaatlar soni 31 mingdan ortdi

TOShKENT, 12 okt – Sputnik. Shu yilning 24-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyovning virtual qabulxonasi ishga tushgandi. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi qabulxona faoliyati bilan tanishtirib boruvchi sahifada ma’lum qilinishicha, qabulxona ish boshlagandan keyingi birinchi haftada o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 1 000 tadan ortgan bo‘lsa, ikkinchi haftada o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 2 000 tadan, uchinchi haftada esa o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 3 000 tadan ortdi. 11-oktabr kuni umumiy murojaatlar soni 31 mingdan ortdi!

Tarmoqdagi ushbu sahifada shuningdek, murojaat qiluvchilarga virtual qabulxona imkoniyatlaridan to‘laqonli va maqsadli foydalanish uchun quyidagicha tavsiyalar berildi:

- Bir murojaatda mazmuni bo‘yicha faqat bitta masala ko‘tarilgani ma’qul. Agar masalalar ko‘p bo‘lsa, ularni har birini alohida murojaat sifatida yuborish maqsadga muvofiq. Shunda ularning tezkor yechimini nazorat qilish osonroq bo‘ladi.

- Murojaat matnini qisqa, lo‘nda va tushunarli qilib yozish kerak. Murojaat qanchalik uzun bayon etilgani muammoni shunchalik tez hal qiladi degani emas, aksincha uning yechimini qiyinlashtiradi. Agarda murojaat bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumot kerak bo‘lsa, murojaatchidan bemalol so‘rab olinishi mumkin.

- Agar avval qaysidir davlat organiga murojaat qilingan bo‘lsa va u yerdagi mansabdor shaxs tomonidan masala joyida hal etilishi o‘rniga paysalga solingan yoki qo‘pol muomala qilingan bo‘lsa, albatta, ushbu mansabdor shaxsning F.I.Sh. va lavozimini ko‘rsating. Shunda mansabdor shaxsga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

- Agarda tegishli davlat organiga «ishonch telefoni» yoki veb-sayti orqali avval murojaat qilgan bo‘lsangiz va u yordam bermagan bo‘lsa, bunday dalilni albatta ko‘rsating. Shunda o‘sha davlat organi o‘ziga tegishli xulosa chiqarishi hamda joylardagi ishonch telefonlari va veb-saytlarini to‘g‘ri ishlashini ta’minlash choralarini ko‘radi.

- Murojaatingizda imkoni boricha nimani so‘rayotganingizni aniq ko‘rsating.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga (0 800) 210-0000 yoki 1000 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul, faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi), xat yuborish (pm.gov.uz veb-saytida keltirilgan shaklni to‘ldirish orqali) yoki "O‘zLiDeP" hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali murojaat qilish mumkin.

Yangiliklar lentasi
0