Prezident: Hamma narsa nomiga, qarsak, qarsak, qarsak...

Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev "O‘zstandart" agentligining joylardagi rahbarlari xususida ochiq va tanqidiy fikrlarini bildirdi

TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi.Majlis chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kompleks rahbarlarining ushbu mintaqa bo‘yicha axboroti tinglandi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulov ("O‘zavtosanoat" aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi — Eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining rahbari) so‘zga chiqib, Qoraqalpog‘iston respublikasidagi o‘ziga tegishli sohalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchilik xususida so‘z yuritdi, deb xabar qiladi kun.uz.

Xabarda aytilishicha, "Avvalambor, birinchisi, sifatsiz mahsulot va uskunalarning bozorga chiqqani standartlashtirish sohasiga tegishli bo‘ladi va agentlikning hududdagi laboratoriyasi bugungi zamonaviy talabga umuman javob bermasligi ma’lum bo‘ldi", — dedi Rozuqulov.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: Kimga kerak bunaqa tirikchilik?

Shu o‘rinda, prezident "O‘zstandart" agentligining joylardagi rahbarlari xususida ochiq va tanqidiy fikrlarini bildirdi.

"Standartning viloyatda o‘tirgan har bir rahbari magazinchi u, bilasizmi, ular soliqchi va boshqalardan ham yomonroq, qo‘l qo‘yib, pora olavergan. Birorta standartga mos bo‘lmasa ham qo‘l qo‘yavergan, bu hayot tarzi bo‘lib qolgan. Siz esa, Ulug‘bek Ubaydullayevich, bu sohani bir yoki ikki yilgina boshqarayotganingiz yo‘q, shunday emasmi?", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Rozuqulov mashina-traktor parklari xususida ham so‘z yuritdi.

"Respublikada jami 174 MTP (mashina-traktor parki) va 155 agrotexservis bor. Biz bu borada ularni optimallashtirish va ixchamlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rapmiz. Mos kelmaydigan binolarda turganlarini tugatib, barcha sharoitlari bo‘lgan yangi parklarni tashkil etayapmiz", — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Davlat rahbari bu xususda ham o‘zining tanqidiy fikrlarini bildirdi.

"Biz borganimizda havo harorati —5-6 daraja bo‘ldi, payvandlash ishlarini olib borayapti. Uni sifati qanday bo‘ladi? Nima uchun bu ishlayapti, desak, bugun birinchi marta osh qilib bergandik, shunga ishga keldi, deyishdi. Bu nimadan dalolat? Tizim yo‘q, Ulug‘bek Ubaydullayevich! Nomiga, hamma narsa, qarsak, qarsak, qarsak…Bu qarsak bilan qayoqqa boramiz?", — deb ta’kidladi prezident.

Yangiliklar lentasi
0