Tramp immigratsiya cheklovlari musulmonlarga qaratilmaganini bildirdi

© REUTERS / Carlos BarriaDonald Tramp
Donald Tramp - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
AQSh rahbari jahonda musulmonlar istiqomat qiluvchi 40dan ortiq mamlakat borligini, mazkur hujjat ularga nisbatan joriy etilmaganini qayd etdi

TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp OAV uning immigratsiya siyosatini "musulmonlarga nisbatan taqiq" deb noto‘g‘ri talqin qilganini aytdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Trampning AQShni terrorizmdan himoya qilish to‘g‘risidagi farmoni mamlakatga radikal islomchilarni kiritmaslikka qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, suriyalik qochoqlar noma’lum muddatga, boshqa mamlakatlardan kelgan qochoqlar 120 kun davomida mamlakatga qabul qilinmaydi. Bundan tashqari, farmonda Suriya, Eron, Iroq, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolariga 90 kungacha AQShga kirishlari taqiqlanadi.

"Aniq bo‘lishi uchun aytaman, bu OAV noto‘g‘ri xabar qilganidek musulmonlarga qarshi taqiq emas. Bu din masalasi emas — gap terror va mamlakatimiz xavfsizligi haqida bormoqda", — deyiladi Trampning maxsus bayonotida.

AQSh rahbari shuningdek, jahonda musulmonlar istiqomat qiluvchi 40dan ortiq mamlakat borligini, mazkur hujjat ularga nisbatan joriy etilmaganini qayd etdi.

U shu bilan birga Barak Obama ham ayrim mamlakatlar fuqarolari uchun vaqtincha cheklovlar kiritganini eslatib o‘tdi.
"Mening siyosatim 2011-yilda iroqlik qochoqlarga viza berishni olti oyga to‘xtatgan prezident Obamaning siyosatiga o‘xshash. Farmonda ko‘rsatilgan yetti mamlakat Obama ma’muriyati tomonidan terror manbai sifatida qayd etilgan", — dedi Tramp.

Yangiliklar lentasi
0