TOSHKENT, 24 fev — Sputnik. Taniqli oʻzbek kinoaktyori Saʼdulla Moldaxanov TNT telekanali orqali namoyish etilayotgan "Adaptatsiya" nomli Rossiya serialida rol ijro etdi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Aktyor serialda Tyumendan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan nenetslarning Tinzyan qishlogʻi raisi rolini ijro etgan.
Serialda Moldaxanovning qahramoni nenetslarning yerida uglevodorod qazib olishni maqsad qilgan "Gazprom" bilan muzokaralarda qishlogʻi manfaatini himoya qiladi hamda pul evaziga qishlogʻini sotishga tayyor shamanga qarshi kurashadi.
Qayd etish joiz, Moldaxanov uchun Rossiya filmlari va seriallarida suratga tushish yangilik emas. U ilgari "Admiral", "Visotskiy. Tirik ekansan, rahmat", "Murom yoʻlida", "Chegarada turibman" kabi qator filmlarda suratga tushgan. Isteʼdodli aktyor bu filmlarda asosan qozoq, xitoy, evenk, hindu va oʻzbeklar rolini ijro etgan.
"Adaptatsiya" seriali "Gazprom"ga joylashish uchun maxsus topshiriq bilan kelgan amerikalik josus haqida boʻlib, ijodkorlarning aytishlaricha, serial nafaqat kulgili, ayni paytda oʻtkir kinoyali loyiha hamdir.