TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston Mehnat vaziri A.Abduhakimov va Xalqaro munosabatlar tashkiloti (IRO) prezidenti Noriaki Suga rahbarligidagi Yaponiya delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda uz24.uz xabar bermoqda.
Uchrashuvda tomonlar 2017-yil 1-noyabrda kuchga kiruvchi yangi "Chet el fuqarolari uchun texnik malaka oshirish dasturini tegishlicha amalga oshirish to‘g‘risida va chet el texnik malaka oshiruvchilarni himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risidagi Qonun"ga muvofiq O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi texnik malaka oshiruvchi fuqarolarni Yaponiyaga yuborish bo‘yicha yangi hukumatlararo kelishuv loyihasini muhokama qilishdi.
IRO prezidenti texnik malaka oshiruvchilarni tanlab olishning mexanizmlari va talablari, bu sohada mas’ul bo‘lgan tashkilotni qayta tashkil qilinishi hamda Yaponiya mehnat bozoridagi mavjud talablar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar texnik malaka oshiruvchi fuqarolarni Yaponiyaga jo‘natish bo‘yicha hukumatlararo kelishuvni qisqa muddatlarda muvofiqlashtirish va tasdiqlashga kelishib olishdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.