TOSHKENT, 8 may — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni boʻlib oʻtgan saylovlardagi ishonchli gʻalabasi va Frantsiya Respublikasi prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi, deb xabar qildi Oʻzbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Xabarda keltirilishicha, davlat rahbari Makronga yoʻllagan maktubida "ushbu yuqori va masʼuliyatli lavozimidagi faoliyati oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va ishonch tamoyillariga asoslangan anʼanaviy va sermahsul Oʻzbekiston-Frantsiya hamkorligini yanada rivojlantirishga yoʻnaltiriladi", deya ishonch bildirilgan.
Shavkat Mirziyoyev yangi saylangan prezidentga mustahkam sogʻliq va ulkan zafarlar, doʻst Frantsiya xalqiga esa xotirjamlik hamda farovonlik tilagan.
Eslatib oʻtamiz, 7 may kuni Frantsiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi oʻtkazildi.
Saylovlarda 39 yashar Emmanuel Makron gʻolib chiqdi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.