TOSHKENT, 11 may — Sputnik. Tojikiston IIV xodimlari sobiq OMON komandiri Gulmurod Halimovning oʻgʻlini hibsga oldi, deb xabar bermoqda Sputnik Tojikiston.
18 yoshli Behruz Halimov Dushanbe-Moskva samolyotidan maxsus militsiya otryadi (OMON) xodimlari tomonidan olib tushib ketilgan.
Behruz Halimov oʻtgan yili maktabni bitirgani va Varzob tumanidagi Darai Fon qishlogʻida mayda savdogarlik bilan shugʻullangani aytilmoqda.
Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, u "Islom davlati" terrorchilik tashkiloti safida jang qilgan otasi bilan aloqada boʻlib turgan.
Manbaning maʼlum qilishicha, Behruz Halimov Moskva orqali Iroq yoki Suriyaga ketishni moʻljallagan. Tojikiston maxsus xizmatlari ushbu maʼlumotni tekshirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 15 aprel kuni The Times nashri Iroqning Mosul shahrida "Islom davlati" terrorchilik tashkilotiga qoʻshilib ketgan Tojikiston IIV OMON komandiri Gulmurod Halimov oʻldirilgani haqida xabar qilgandi.
Ammo uning halok boʻlgani rasman tasdiqlanmagan va Halimov hozirda ham Interpol tomonidan qidiruvda boʻlgan shaxslar roʻyxatida turibdi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.