TOSHKENT, 11 may — Sputnik. 6 may kuni Oʻzbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan maxsus operatsiya natijasida Afgʻoniston chegarasida narkotik moddalar tashuvchisi qoʻlga olindi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga MXX xodimi.
Narkotik moddalarni tashuvchi shaxs Afgʻoniston hududidan Amudaryo orqali qoʻlbola yasalgan qayiq yordamida suzib oʻtgan. Tintuv natijasida uning yonidan 57 killogramdan ortiq koʻknor, 1 dona 7,62 mm kalibrli Mauser toʻpponchasi hamda 5 dona oʻq dori aniqlangan. Bularning barchasi sintetik qopga joylashtirilgan.
"Afgʻoniston hududidan katta partiyadagi narkotik moddalarni olib oʻtishga harakat qilish holati birinchi bor takrorlangani yoʻq. Eng muhim tomoni shundaki, asosan, nochor, bir necha yuz dollar pul evaziga chegaradan giyohvand moddalarni olib oʻtishga rozi odamlar narkokuryerlikni oʻziga kasb qilmoqda", — deb taʼkidladi MXX xodimi.
Ushbu holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib tergov ishi olib borilmoqda.
Oʻtgan yili oʻzbek maxsus xizmatlari va chegarachilari tomonidan umumiy miqdorda 3,5 tonnadan ortiq narkotik moddalar olib qoʻyilgan.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.