TOSHKENT, 13 may — Sputnik. Tashrif doirasida imzolangan investitsion kelishuv va shartnomalarning hajmi 20 milliard dollardan oshib ketdi, deb xabar qildi RIA Novosti "Oʻzbekiston" telekanaliga asoslanib.
Neft-gaz sohasida umumiy qiymati 5 milliard dollarlikdan ortiq 10ta hujjat, xususan, Oʻzbekistondan Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha oʻrta muddatli shartnoma, Oʻzbekiston janubida sunʼiy yoqilgʻi ishlab chiqarish zavodini qurishni loyihalashtirish haqidagi kelishuv, hamda energiya tejamkorligini oshirish boʻyicha loyihalar imzolandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi 300ga yaqin nasos stantsiyalarini modernizatsiya qilish va gidroenergetikani rivojlantirish boʻyicha kelishuvlar imzolandi.
Ilgariroq veterinariya va oʻsimliklar inspektsiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish boʻyicha Anglashuv memorandumi, qishloq xoʻjaligi sohasida 2018-2020 yillarga moʻljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi hujjatlar imzolangani maʼlum qilingandi.
Oʻzbekiston yetakchisining tashrifi 13 mayga qadar davom etadi, soʻngra Shavkat Mirziyov 14-15 may kunlari XXRda boʻlib oʻtadigan "Bir kamar — bir yoʻl" forumida ishtirok etadi.
Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston tomonining maʼlumotlariga qaraganda, 2016 yilda oʻzaro tovar almashish hajmi 4,25 milliard dollar, jumladan Oʻzbekiston eksporti 2 milliard dollarni, importi 2,25 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoyning Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi investitsiyalari hajmi 8 milliard dollarga yetgan — bu respublikaga xorijiy investitsiyalar kiritilishi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.