Turkiya madaniyat, iqtisod va savdo delegatsiyalari O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Obuna bo‘lish
2017 yil 24-26 may kunlari Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh va Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji O‘zbekistonga tashrif buyuradilar

TOShKENT, 24-may — Sputnik. 2017-yil 24-26 may kunlari Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh va Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji O‘zbekistonga tashrif buyuradilar. Bu haqda Turkiya elchixonasining matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiya Bosh vaziri o‘rinbosari Tug‘rul Turkesh va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov hamraisligida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Xukumatlararo qo‘shma komissiyaning to‘rtinchi majlisi o‘tkaziladi. Majlis doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEİK) hamkorligida ikki davlat ishbilarmonlari, firma va kompaniyalari vakillari o‘rtasida biznes forum va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkaziladi.

24-26 may kunlari, shuningdek, Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan ham bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida delegatsiya tarkibidagi Turkiya turistik kompaniya vakillari o‘zbek hamkasblari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilishadi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarga kengaytirgan holda yana ham mustahkamlashdir. Nabi Avji, shuningdek, o‘z tashrifi doirasida Buxorada bo‘lib o‘tadigan Ipak va ziravorlar festivali ochilish marosimida ham ishtirok etadi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston va Turkiya savdo va iqtisodiy aloqalaridagi ijobiy tendensiyalar hamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan hukumatlararo qo‘shma komissiya majlisi va biznes forumning, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining yanada rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0