Aholi murojaatlariga be’etibor bo‘lgan navbatdagi hokim lavozimidan bo‘shatildi

© Sputnik / Mixail VoskresenskiyPustoe kreslo
Pustoe kreslo - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shovot tumani hokimi murojaatlardan to‘liq xabardor emasligi, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarning ichiga kirmaganligi va ularni his etmaganligi ma’lum bo‘ldi

TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Aholi murojaatlari bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun lavozimidan ayrilgan hokimlar soni yana bittaga oshdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi Xalq bilan muloqot guruhida ma’lum qilindi.

Xabarda yozilishicha, 2014-yil sentabr oyidan beri Xorazm viloyati Shovot tumani hokimi bo‘lib ishlab kelgan To‘liboy O‘tamuratov ish davri mobaynida tumanda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi tadbirlarini amalga oshirish, kichik biznesni qo‘llab quvvatlash, mahsulotlarni eksport qilish masalalarida ko‘zga ko‘ringan natijalarga erishmadi.

Pustoe kreslo - Sputnik O‘zbekiston
Fuqarolar murojaatiga e’tiborsiz bo‘lgan hokim ishdan ketdi

Shovot tumanida istiqomat qiluvchi aholidan bugungi kungacha jami 2 731 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 933 tasi Shovot tumani hokimligi vakolati bilan bog‘liq. Hokimlik tomonidan ko‘rib chiqilgan ushbu murojaatlardan atigi 35 tasi ijobiy hal qilingan. Qolgan murojaatlarga umumiy mazmundagi tushuntirish berish bilan cheklangan.

2017 yil 8-iyun kuni Prezident devoni Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbarligida Shovot tumanida respublika vazirlik va idoralar, viloyat mansabdor shaxslari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etildi va tumanning 50 nafardan ortiq fuqarosi bilan bevosita ochiq muloqot o‘tkazildi.

Qabul davomida Shovot tumani hokimi murojaatlardan to‘liq xabardor emasligi, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarning ichiga kirmaganligi va ularni his etmaganligi ma’lum bo‘ldi.

U fuqarolar dardini eshitadigan, O‘zbekiston prezidenti qo‘yayotgan va hozirgi zamon talabiga javob beradigan, yuqori axloqiy va ma’naviy fazilatlarga ega rahbar sifatida o‘zini namoyon eta olmadi hamda tuman aholisi bilan qo‘pol muomalada bo‘lganligi sayyor qabul davomida yaqqol ko‘rindi.

To‘liboy O‘tamuratov bugun tuman deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida o‘z lavozimidan ozod etildi.

Yangiliklar lentasi
0