TOSHKENT, 1 sen — Sputnik. Bugungi kunda ota-onalar masʼuliyatini yanada oshirish, bola tarbiyasiga masʼuliyatsizlik bilan qaragan, koʻrilgan maʼmuriy choralardan oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan ota-onalarga nisbatan keskin choralar qoʻllash yuzasidan qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda, deb xabar qildi Oʻzbekiston IIV matbuot-xizmati.
Xususan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan oilalarni, u yerda yashayotgan voyaga yetmaganlarni turmush tarzini muntazam ravishda oʻrganib borish, farzandlari tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ota-onalarni aniqlab, mahallalarda, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalarda muhokamasini taʼminlash belgilab olingan.
IIV oʻtgan davrda voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan 20 mingdan ortiq ota-onalarga maʼmuriy jazo qoʻllanganligini eslatib oʻtgan.
Shu jumladan, fuqarolarning 30 nafari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, 10 nafarining esa muomala layoqati cheklangan.