TOSHKENT, 10 yanv – Sputnik. Bugun Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmatining Telegramdagi kanali xabar berdi.
Xabar qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev harbiy qismdagi sharoitlar bilan tanishib, munosib xizmat qilgan harbiylarga barcha sharoitlar yaratish, ularni uy-joy, avtomashina bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi.
Prezident harbiy xizmatchilarning harbiy libos va asbob-anjomlari bilan tanishib, ularni zamonaviy asosda yangilash, taʼminot tizimini takomillashtirish zarurligini taʼkidladi.
Global Firepower ekspertlari oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, Oʻzbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 50 armiyasi roʻyxatiga kiritilgan va Markaziy Osiyodagi harbiy qudrati eng yuqori davlat hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 14 yanvarda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanadi.