TOSHKENT, 10 yanv — Sputnik. Aholiga onlayn maslahat berish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatga ega boʻlgan Oʻzbekiston prezidentining yangilangan Virtual qabulxonasi 2018 yil 20 iyungacha joriy etiladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Bu tadbir 9 yanvardan jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan 2018 yilgi Davlat dasturi loyihasida qayd etilgan. Dastur loyihasi 15 yanvargacha umumxalq muhokamasida boʻladi.
Dasturga koʻra, Oʻzbekiston prezidentining yangilangan Virtual qabulxonasi dasturiy taʼminoti takomillashtirilib, unda aholiga toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn maslahatlar berish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu bandi ijrosiga masʼul vazirlik — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi 2016 yil 25 sentyabrida ishga tushirilgan.