TOSHKENT, 19 iyul - Sputnik. Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarning ijtimoiy himoya qilinishini tashkil etish va taʼminlash, tegishli tartibda kiyim-kechak, oziq-ovqat va turar joy uchun bir martalik toʻlanadigan nafaqa puli beriladi. Bu hukumat qarorida koʻzda tutilgan.
Hujjat respublika milliy qonunchilik bazasida eʼlon qilindi.
Qarorga muvofiq, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni amalga oshirish boʻyicha 2018-2022 yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
2019 yil 1 yanvardan boshlab jazoni ijro etish muassasalarida toʻliq ijtimoiy moslashtirish maqsadida mahkumlarni tizimli oʻrganish va ularning ongini oʻzgartirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarning yagona kompleks tizimi joriy etiladi.
Qaror bilan, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish markazlari tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, mahkumlarga shaxsiy hujjatlarni tiklash va pasport olishda yordam koʻrsatiladi, ularning pensiya sugʻurtasi, mehnat daftarchasini rasmiylashtirish shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingunga qadar amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, keyingi 15 yil davomida respublikada mahbuslar soni ikki baravardan koʻproqqa kamaygan.