TOSHKENT, 4 sen - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahrida oʻtkazilgan Xalqaro toʻqimachilik anjumanida 2018-2021 yillarda Oʻzbekiston tekstil sanoatini kengaytirish va tubdan yangilash dasturi hayotga tatbiq etilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Ushbu dastur doirasida umumiy bahosi 2,5 mlrd dollarlik 130dan ziyod investitsion loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgani maʼlum qilindi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Nodir Otajonovning aytishicha, Oʻzbekiston oʻz tekstil sanoatini bosqichma-bosqich rivojlantirib bormoqda va bu sohaga 3 milliard dollardan koʻp mablagʻ jalb qilishga ulgurgan.
"Biz Oʻzbekistonda ishlashlari uchun xorijiy investitsiyalar va jahon brendlarini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilishdan manfaatdormiz", — deb taʼkidladi Otajonov.
Bosh vazir oʻrinbosariga koʻra, ayni vaqtda mamlakatda tekstil klasterlari tashkil qilingan va faoliyat koʻrsatmoqda. Toshkent erishilgan natijalarda toʻxtab qolishni xohlamaydi.
"Joriy yildan biz tekstil klasterlari loyihalarini hayotga tatbiq eta boshladik. Bugungi kunda ularning soni 15taga yetgan, 2019-yilgacha ular soni uch barobar ortadi. Shu tariqa, tekstil sohasidagi tajribamizni qishloq xoʻjaligiga joriy qilmoqdamiz - yangi texnologiyalar, innovatsiyalar, kerak boʻlsa, yangicha boshqaruv tizimini ham. Oʻylaymizki, bu loyihalar muvaffaqiyatli kechadi va ular sifatli xom-ashyo garovidir", - dedi Otajonov anjuman qatnashchilari qarshisida soʻzlagan nutqida.
Anjuman davomida ishtirokchilar tekstil klasterlarini rivojlantirish tendentsiyalari, ekologik paxta loyihasini hayotga tatbiq etish, tekstil mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish uchun sertifikatlashtirish masalalari, eksport hajmini oshirish, jahon tekstil sanoatining hozirgi holati va istiqbollari, tekstil va tikuv sanoatida raqamli texnologiyalar, moda sanoati tendentsiyalari singari masalalarni muhokama qildilar.
Anduman qatnashchilari Oʻzbekiston bilan hamkorlikka tayyor ekanliklarini maʼlum qildilar.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston toʻqimachilik anjumani istiqboldagi masalalarni muhokama qilish va oʻzaro manfaatli shartnomalarni imzolash maqsadida jahon paxta va tekstil bozorining yetakchi ishtirokchilarini toʻpladi. Bu yil ushbu tadbirda Germaniya, Shveytsariya, Janubiy Koreya, XXR, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Bangladesh, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, AQSH, Frantsiya singari 30dan ziyod davlatlar vakillari ishtirok etdi.