TOSHKENT, 10 okt — Sputnik. Donald Tramp Nikki Xeyli nega AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimini tark etayotgani borasida izoh berar ekan, ushbu qaror ancha vaqt oldin qabul qilinganini aytgan. RIA Novosti xabari asosida.
Amerika prezidentining soʻzlariga koʻra, Xeyli uni taxminan olti oy oldin, yil oxirida ozroq hordiq chiqarishi kerakligi toʻgʻrisida ogohlantirgan. Aynan shu vaqtda u egallab turgan lavozimini tark etadi, deb aniqlik kiritgan u.
Tramp, shuningdek, Xeyli kelajakda prezident administratsiyasiga boshqa lavozimga qaytishiga umid bildirgan.
Axios nashrining oʻz manbasiga tayanib xabar berishicha, Xeyli oʻtgan haftada Oq uyda Tramp bilan oʻzining isteʼfosi masalasini muhokama qilgan. Administratsiyaning koʻplab xodimlari bu xabarni hayrat ila qabul qildilar, deb yozgan portal.
Xeyli AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimini oʻtgan yilning 27 yanvaridan egallab keladi. Bu lavozim vazir rangiga teng, shu bois Xeyli Tramp boshqaruvidagi kabinet aʼzolaridan biri hisoblanadi.
Tramp, shuningdek, AQShning BMTdagi yangi doimiy vakiliga nomzod sifatida Dina Pauell nomzodini koʻrib chiqishini maʼlum qilgan.