TOSHKENT, 22 noya - Sputnik. Yil yakuniga qadar Toshkentda yana bir zamonaviy sport inshooti bunyod etiladi, deb xabar qilmoqda Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.
Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab internatida jahon standartlariga javob beradigan kamondan otish bazasining qurilish ishlari olib borilmoqda.
Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov mazkur bazaning qurilish jarayonini koʻzdan kechirgan. Inshoot shu yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sport inshooti qurib bitkazilganidan soʻng, bu yerda xalqaro sport musobaqalari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini ham oʻtkazish mumkin boʻladi. Bazada sportchi va murabbiylar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Kamondan otish federatsiyasi ham ana shu yerda joylashadi.