TOSHKENT, 15 fev – Sputnik. Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 2019 yilning 14 fevral kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani bilan uchrashdi. Bu haqda Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Afgʻonistonda tinchlik siyosiy muloqotlarini boshlash doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomoni mazkur muloqot afgʻonlarning oʻzlari tomonidan amalga oshirishi muhimligini taʼkidlaydi.
“Prezident Muhammad Ashraf Gʻani Oʻzbekiston Prezidenti va birodar oʻzbek xalqiga mamlakatidagi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi borasidagi izchil va qatʼiy saʼy-harakatlar uchun minnatdorchilik izhor etdi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, suhbatda Oʻzbekiston – Afgʻoniston kun tartibining boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi. Avvalo, Oʻzbekiston bilan birgalikda transafgʻon tranzit koridorlarini tashkil etish va mintaqadagi oʻzaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan yirik transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish istiqbollari toʻgʻrisida soʻz bordi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiyasi 2019-yil 13-16-fevral kunlari amaliy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida boʻlib, Xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasida ishtirok etmoqda.