O‘zbekiston SSV tush paytida ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovDevushka gulyayet u fontana
Devushka gulyayet u fontana - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Yoz faslining boshlanishi, ayniqsa, eng issiq davr “chilla”ning kirib kelishi mamlakat aholisi uchun biroz noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Ayrim hududlarda havo harorati keskin ko‘tarilib, janubiy viloyatlarda +45, +50 darajagacha yetadi

TOShKENT, 30-may - Sputnik. O‘zbekiston SSV aholini ayrim hududlarda havo harorati keskin ko‘tarilishi haqida ogohlantirdi va tush paytida ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar qildi.

Avvalo boshni asrang!

Ta’kidlash joizki, jaziramaning bunday kunlarida, avvalo, boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyatga ega. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o‘tgan bo‘lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin. Buning oqibatida tana haroratining ko‘tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakning tez urishi, bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.

Nima tanavvul qilgan ma’qul?

Tabiyki, issiq kunlari ko‘p miqdorda suv ichish organizm faoliyatini yaxshi ishlashga va suv-tuz balansini meyorlashtirishga yordam beradi. Ammo bunda organizmning suv tanqisligini to‘ldirish uchun gazlangan yoki nektar suv emas, aksincha, oddiy ichimlik suvini iste’mol qilish kerak. Shuningdek, issiq kunda yog‘li go‘sht mahsulotlar iste’molini kamaytirib, yengil hazm bo‘luvchi taomlar iste’molini ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Qolaversa, meva va sabzavotlar ham organizmda yaxshi singib, ichki a’zolar faoliyatini normallashtirishga yordam beradi.

Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, yoz kunlarida xiyobon va ko‘cha yon atroflarida qo‘lbola usullarda tayyorlanib, iste’mol uchun chiqarilgan turli sharbat, ayron, go‘ja hamda shu turdagi mahsulotlarni xarid qilmagan ma’qul. Boisi kun davomida quyosh nuri tushib turgan hamda iste’molga yaroqlilik belgisi mavjud bo‘lmagan bu turdagi mahsulotlar salomatlik uchun o‘ta xavfli bo‘lib, turli noxush vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Qanday kiyinish kerak?

Yoz kunlari tabiiy matodan tikilgan, havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan hamda keng tikilgan kiyimlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular terini nafas olishiga imkon yaratadi hamda tana haroratining ko‘tarilib ketishiga to‘sqinlik qiladi. Qolaversa, jazirama kunda bosh kiyim kiyib yurish ham maqsadga muvofiq.

Tush paytida ko‘chaga chiqmang!

Ma’lumki, quyosh nuri 12.00 dan 16.00 gacha juda ham faol holatda bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida ko‘chaga chiqmagan ma’qul. Ammo vaziyat kelib chiqib, shu vaqt oralig‘ida tashqariga chiqish to‘g‘ri kelsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan saqlashga harakat qilish darkor.

Yangiliklar lentasi
0