TOSHKENT, 4 iyun – Sputnik. Innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi “Rostex” kontserni sobiq Ittifoq davrida mashhur boʻlgan “Zenit” fotoapparatlarining yangilangan modelini ishlab chiqarish boshlanganini xabar qildi.
“Zenit M” deb domlangan yangi kamera Germaniyaning “Leica” kontserni bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqarilgan. Orqa tomonida “Deigned in Krasnogorsk Russia” degan yozuv boʻlishiga qaramasdan, ushbu fotoapparat Germaniyadagi Leica zavodida ishlab chiqariladi. Uning tashqi koʻrinishi, boshqaruv organlari Leica M240 modelining oʻzginasi, faqat qadimgi “Zenit YE”ga oʻxshashi uchun old tomonida ikkita qirra paydo boʻlgan.
Asosiy yangilik - uning obʼyektivida. Kameraga Rossiyada ishlab chiqarilgan Zenitar 35 mm f/1.0 obʼyektivi oʻrnatilgan. Ushbu obʼyektiv avtfokusga ega boʻlmasa-da, eng zamonaviy obʼyektivlar qatoridan oʻrin olishi aniq. Axir uning yorugʻlik kuchi - f/1.0. Yangi obʼyektivni sinab koʻrgan fotosuratchilar aytishiga qaraganda uning “yumshoq boke” effekti juda chiroyli va takrorlanmas ekan.

Ichida zamonaviy matritsa va elektron qismlar oʻrnatilgan boʻlishiga qaramasdan, ushbu fotoapparatning boshqaruv tizimlari aksariyati mexanik uslubda qolgan, hech qanday avtomatika yoʻq. Yaʼni surʼat olish vaqtingizda siz kadrning fokusini ham, ekspozitsiyasini ham qoʻlda boshqarishingiz kerak boʻladi.
Metall va charmdan yasalgan ogʻir fotoapparat, albatta, hammaga ham manzur kelmaydi. Unda suratga olish uchun har bir kadrni avval hisob-kitob qilish, keyin metall halqalarni aylantirish va ogʻir tugmani ogʻista bosish kerak. Mexanik kamera “lazzati”ni faqat tajribali, yana bir necha kameralarga ega boʻlgan, balkim yoshi biroz kattaroq kishilar tushunsa, ajab emas.
Fotoapparat narxi ham aynan ana shunday kishilar hamyoniga bop - 6000 $. Ishlab chiqaruvchilar ham buni yaxshi bilishadi, shekilli, ular Zenit M apparatlaridan faqat 500 dona ishlab chiqarilishini eʼlon qilishgan.