TOSHKENT, 14 iyun – Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori bilan Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlangan.
Nizomning 14-bandi, YPX xodimi oʻz xizmat vazifalarini bajarish majburiyati qismiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshish taklif qilingan: “oʻzaro munosabatini oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilgan yoʻl harakati qatnashchilariga ushbu maʼlumotlarni Internet jahon axborot tarmogʻiga oʻzining ruxsatisiz tarqatishi mumkin emasligini tushuntirish”.
Nizomning 19-bandi - yoʻl harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan oʻzaro munosabatlarda majburiyatlar qismiga “oʻziga tegishli audio, foto va video qurilmaga YPX xodimi bilan oʻzaro munosabati qayd qilingan maʼlumotlarni Internet jahon axborot tarmogʻiga ruxsatsiz joylashtirmaslik” degan mazmundagi xatboshi qoʻshish taklif qilingan.
Qaror loyihasi 29 iyulgacha muhokama qilinadi.