TOSHKENT, 21 iyun – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senatida yangi qoʻmita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita tuzishni taklif etdi. Bu haqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabar qilmoqda.
Mirziyoyev oʻz nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida urgʻu berdi.
“Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan koʻra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik koʻp saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf koʻradi”, – dedi davlat rahbari.
Toshkentda bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Yalpi majlisda yangi tahrirdagi “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.