TOSHKENT, 26 iyun - Sputnik. Buyuk Britaniyaning Nottinhem universiteti olimlari qahva isteʼmol qilish ortiqcha vazndan xalos boʻlishga koʻmaklashishini maʼlum qilishdi. Bu haqda Scientific Reports jurnalida maqola chop etilgan.
Mutaxassislar qahva tarkibida boʻlgan kofein inson tanasida qoʻngʻir yogʻ toʻqimalarini ishlab chiqarishni tezlashtirishini aniqlashdi. Aynan yogʻning bu turi kaloriyani yoʻq qilishga yordam beradi va issiqlik ishlab chiqaradi.
Semizlikdan aziyat chekayotgan kishilar organizmida koʻpincha qoʻngʻir yogʻ oq yogʻ toʻqimalariga qaraganda ancha kam miqdorda boʻladi.
Qoʻngʻir yogʻning vazifasi maksimal ravishda kelib tushgan energiyani tezroq yoʻq qilib, uni issiqlikka aylantirishdan iboratdir. Uning faolligi oshishi organizmga qondagi shakar miqdorini yaxshiroq nazorat qilishga yordam beradi.
Olimlar oʻtkazilgan tadqiqotda koʻngillilarga bir chashka qahva ichishni taklif qilishadi va maxsus asbob yordamida qoʻngʻir yogʻ toʻplangan joylardagi teri haroratini oʻlchashadi. Maʼlum boʻlishicha, qahva ichgandan soʻng 30 daqiqa oʻtib, qoʻngʻir yogʻ toʻplangan teri ustidagi harorat koʻtarilgan.
Tadqiqot soʻnggida mutaxassislar qahvani meʼyorida isteʼmol qilish qoʻngʻir yogʻ faolligini kuchaytirishi haqidagi xulosaga kelishdi. Bu esa oʻz navbatida qondagi shakar miqdorini tartibga solish va ozishga yordam beradi.
Inson organizmida ikki xil: oq va qoʻngʻir yogʻ toʻqimalari mavjud. Oq yogʻ toʻqimasi bu kaloriyalar zaxirasi xisoblanadi. Koʻngʻir yogʻ toʻqimasi esa issiqlik ajratib chiqaradi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Sputnik kolumnistining shaxsiy ozish tajribasi haqidagi maqolasi chop qilingan edi.