TOSHKENT, 25 iyul — Sputnik. Ukraina xavfsizlik xizmati Odessa viloyatidagi Izmail portida Rossiyaga tegishli Neyma tankerini qoʻlga oldi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, rus tankeri Kerch boʻgʻozida Ukraina kemalarini blokirovka qilgani uchun qoʻlga olingan.
Taʼkidlanishicha, kema portga NIKA SPIRIT nomi ostida kirgan.
Ish yuzasidan gumon qilinuvchilar sifatida 15 ta yuqori rus harbiy rahbariyatining mansabdor shaxslari, shu jumladan, kontr-admiral, ikki nafar vitse-admiral va general-polkovnik jalb qilingan.
UXX xodimlari, harbiy prokurorlar va chegarachilar Ukraina sudi ruxsati bilan kemada tituv oʻtkazgan va hujjatlar, muzokaralar yozuvlari va bort jurnallarini musodara qilishgan. Shuningdek, ekipaj aʼzolarini soʻroq qilishgan.
Kemaning oʻzi ish yuzasidan ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan. Hozirda uni hibsga olish uchun sudga murojaat tayyorlanmoqda.
Kerch boʻgʻozidagi hodisa
Oʻtgan yilning noyabr oyida Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining “Berdyansk”, “Nikopol” va “Yani Kapu” kemalari Rossiya chegarasini noqonuniy kesib oʻtib, Rossiyaning hududiy suvlariga kirgan. Qora dengizdan Kerch boʻgʻozi boʻylab harakat qilishgan. Ular Rossiya harbiylarining talablariga boʻysunishmagan va natijada qoʻlga olingan.
Vladimir Putin Kiyev hukumati harakatlarini Ukraina prezidenti saylovi arafasida amalga oshirilgan igʻvo deb baholagan edi.