TOSHKENT, 15 avg – Sputnik. Oʻzbekiston tankchilari “Tank biatloni” ikkinchi divizioni final bahsida gʻalaba qozondi.
Oʻzbekiston tankchilari jangovar mahoratlarini namoyish qilib, Vyetnam, Kuba va Uganda harbiylarini ortda qoldirdi. Oʻzbekiston jamoasi finishga birinchi boʻlib yetib keldi: tankchilar marraga 1 soat 57 daqiqada keldi va 13 ta nishonni yakson qildi.
Musobaqada tankchilar T-72 B-3 tankini boshqarish, toʻsiqlardan oʻtish, belgilangan nishonlarni yakson qilish va imkon qadar qisqa muddatda finish chizigʻiga yetib kelish vazifasini amalga oshirishdi.
Eslatib oʻtamiz, 3-17 avgust kunlari Moskva viloyatining Alabino poligonida “Tank biatloni” musobaqasi oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston tankchilari bu musobaqada birinchi marta ishtirok etmoqda.