TOSHKENT, 23 sen - Sputnik. Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida sodir etilgan bosqinchilik fosh etildi.
IIV xabariga koʻra, tumanning Geologlar koʻchasidagi xonadonga ikki nafar nomaʼlum shaxs oʻzlarini kommunal xizmati xodimlari deb aldab kirishgan. Jinoyatchilar ushbu xonadon egasining farzandi uyda yolgʻiz qolganidan foydalanib, uning qoʻllarini skotch bilan bogʻlashgan. Soʻngra xonadondan 26 mln. 500 ming soʻm pul hamda “Samsung J-4” rusumli mobil apparatini oʻgʻirlab ketishgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatini sodir etgan 1994 yilda tugʻilgan F.F., 1993 yilda tugʻilgan A.SH. hamda jinoyat sodir etish uchun qulay sharoit va boshqa maʼlumotlar haqida xabar berib turgan, xonadon egasi bilan birga ishlovchi 1994 yilda tugʻilgan E.F.lar qoʻlga olingan.
Gumon qilinuvchilarning yashash uylari tekshirilganda, ularning uylarida saqlanayotgan pullar, ikkita mobil apparati va jinoyat sodir etishda foydalaniladigan buyumlar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 164-moddasi ("Bosqinchilik") 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.