TOSHKENT, 15 noya – Sputnik. Nomusi toptalgan qashqadaryolik ayol masalasi Senat nazorati ostida, deb xabar qilmoqda Senat matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun oldin Qarshi shahrida 5 nafar fuqarolar tomonidan zoʻrlangani Postda.uz nashrida xabar qilingan edi. Oʻsha xabarda “eʼtibor bergan boʻlsangiz, voqea yarim tunda sodir etilgan. Haqli savol tugʻiladi: yosh qizning shu paytda sababsiz koʻchada yurishiga ota-onasi qanday yoʻl qoʻyib berdi ekan. Bu ham oilada tarbiya masalasiga eʼtiborsizlikdan biri emasmi?”, - degan soʻzlar bor edi.
Voqeadan keyin ham ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama boʻldi. Ayrim fuqarolar maqola muallifining ushbu qarashiga xayrixohlik bildirishdi.
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi bu holatni faqat ana shu omil bilan bogʻlash notoʻgʻri ekanligini taʼkidlaydi.
“Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz boʻlsin, koʻchada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek hech kim birovning axloqsizligini roʻkach qilib, uni oʻzboshimcha jazolashga haqqi yoʻq,”- deyilgan qoʻmita bayonotida.
Shuningdek, maʼlum boʻlishicha, bu ayol oʻz oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant boʻlib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda ayrim niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.
Shu bilan birga Senat bayonotida masalaga bunday tor maʼnoda yondashish Oʻzbekistonda tunda yurish zoʻravonlik qurboni boʻlishga sabab boʻladi degan mutlaqo notoʻgʻri qarashlarning shakllanishiga hamda respublikada qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo boʻlishiga olib keladi, degan.