TOSHKENT, 23 noya - Sputnik. Oʻzbekistonda Buyuk Britaniyada dongʻi taralgan "BBC Two" telekanali orqali namoyish etilgan "Dunyo boʻylab poyga" (Race Across the World) realiti-shousining epizodlarini tasvirga olish ishlari boʻlib oʻtmoqda, deb xabar bermoqda Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Tasvirga olish ishlari bloger va jurnalist Nikita Makarenko tomonidan tashkillashtirilgan.
"Dunyo boʻylab poyga" - yangi sarguzasht formatidagi shou boʻlib, u nafaqat sayohatlarga, balki turli mamlakatlar madaniyatiga ham bagʻishlanadi. Loyiha 8 qismdan iborat boʻlib, ularning har biri 40 daqiqadan iborat. Bir necha jamoa samolyotdan foydalanmagan holda, Daniyadan Singapurga uyushtirilgan poygada mukofot uchun kurash olib boradi. Belgilangan marraga birinchi boʻlib yetib borgan jamoa gʻolib hisoblanadi.
Shou ishtirokchilari Kopengagen-Singapur reysi aviachiptasi narxiga teng miqdordagi pulga ega boʻlishadi. Shu bilan birga, ular butun dunyo boʻylab istalgan usulda sayohat qilishlari mumkin: piyoda, avtomobilda, velosipedda, qayiqda, avtobusda, paromda, mototsiklda, otda, tuyada.
Realiti-shouda barcha qarorlar mustaqil ravishda qabul qilinadi. Ular shuningdek mobil telefonlarga ham ega emas, Internet va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish mumkin emas.
Oʻzbekistondagi epizod syomkalari bir hafta davom etadi. Jamoalar oʻz sayohatlarini Kopengagendan boshlagani bois har birining Oʻzbekistonga yetib kelish vaqti turlicha boʻladi.
"Oʻtgan shouda namoyish qilingan Oʻzbekiston Buyuk Britaniyada misli koʻrilmagan qiziqishga sabab boʻldi. Mamlakat haqida Tvitterda ommaviy ravishda yoza boshlashdi, aksariyat bu yerga kelish istagini bildirgan", - deydi Makarenko.
Vote Race Across The World for Best Challenge Show at the National Television Awards - https://t.co/gznFZ3b48y #RaceAcrossTheWorld #RATW🏃 pic.twitter.com/2cN9Gjg3gY
— Studio Lambert (@studiolambert) October 17, 2019
Loyihada 60 nafarga yaqin kishi band. Tasvirga olish guruhini Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasi qoʻllab-quvvatlamoqda.
Bundan tashqari, joylarda barcha davlat organlari tasvirga olish ishlarida zarur yordamni koʻrsatishmoqda. Shouning ekranlarga chiqishi 2020 yilning boshiga moʻljallangan boʻlib, u Daniyaning TV2 telekanalida namoyish qilinadi.