TOSHKENT, 7 dek - Sputnik. "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ Markaziy apparatida Afgʻoniston Xalqaro savdo palatasi raisi Meyl Aga Xayr Xva hamda Afgʻoniston Savdo-investitsiya palatasi raisi Tavakul Shoh Ahmad Yor boshchiligidagi afgʻon ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazilgan.
"Mehmonlar Oʻzbekiston hukumati tomonidan Afgʻoniston uchun nafaqat ijtimoiy-gumanitar, balki savdo-iqtisodiy sohalarda taraqqiy etishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan toʻliq qoniqish hosil qilganliklarini izhor qildilar. Mamlakatlar oʻrtasida transport-logistika sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi", - deyiladi xabarda.
Xususan, mehmonlar, Xayraton stantsiyasi yordamida Oʻzbekiston orqali olib oʻtiladigan yuklar hajmini koʻpaytirishga katta qiziqish bildirganlar. Bu orqali Afgʻoniston shimoliy qismini rivojlantirishga umid bildirilgan.
Shu bilan birga, Afgʻoniston biznes-jamiyati xususan, neft va neft mahsulotlaridan iborat yuklarni tashishni rivojlantirishga tayyorligini aytgan.
Afgʻonistondan Oʻzbekiston orqali tranzit temir yoʻli orqali navbatdagi yuklarning yuborishi hamkorlikning amaliy natijasi boʻldi, deyiladi xabarda.
Kuni kecha, 6 dekabr kuni Afgʻonistondagi Hayraton stantsiyasidan ikkita vagondan iborat, 100 tonna mandarin ortilgan ikkita vagonli yuk poyezdi belgilangan manzil - Chimkent (Qozogʻiston) shahriga qarab yoʻl oldi.
2019 yilda shu kunga qadar Afgʻonistondan (Oʻzbekiston orqali) Rossiya Federatsiyasiga 252 tonna kishmish, Qozogʻistonga 130 tonna va Xitoyga 1066 tonna talk olib oʻtilgan. Jami 1628 tonnaga yaqin xalq xoʻjaligi tovarlari tranzit qilingan.
Afgʻonistonga 20dan ziyod konteynerli poyezdlar olib oʻtilgan. Bundan tashqari, joriy yil sentyabr oyida Afgʻonistondan Xitoyga birinchi konteynerli poyezd yuborilgan edi. Ayni vaqtda navbatdagi konteyner-poyezdini yuborishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.