TOSHKENT, 7 dek - Sputnik. Oʻzbekiston boʻylab "Yangi Oʻzbekiston - yangi saylovlar" milliy aktsiyasi oʻtkaziladi.
14 dekabr kuni respublikaning barcha hududlari boʻylab bir vaqtning oʻzida keng jamoatchilik uchun ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati maʼlum qilmoqda.
Tadbir davomida taniqli insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, saylovga tayyorgarlik jarayonlari, qonunchilikdagi oʻzgarishlar haqida axborotlar beriladi. Shuningdek, musiqiy dasturlar va turli viktorinalar oʻtkaziladi. Saylovlar haqida barcha maʼlumotlar sodda va tushunarli tilda aholiga yetkaziladi.
Qayd etilishicha, ayni damda aktsiya formati ishlab chiqilmoqda. Shu bois “Yuksalish” umummilliy harakati barcha takliflar uchun ochiq boʻlib, barcha manfaatdor vazirlik va idoralar, biznes vakillari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bevosita hamkorlik oʻrnatishlari mumkin.
Tadbirlarni yanada samarali oʻtkazish borasida fikr va taklif bildirish istagida boʻlganlar “Yuksalish” UMH ofisi yoki hududiy boʻlinmalariga taqdim etishlari mumkin.