TOSHKENT, 18 dek – Sputnik. Hukumat farmoyishi bilan Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining qurilayotgan qismida sodir boʻlgan hodisa sabablari va oqibatlarini oʻrganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzildi.
Komissiyaga sodir boʻlgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida oʻrganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam koʻrsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklandi.
Bugun, 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasida qurilish ishlari olib borilayotgan ochiq uchastkada avariya holati yuz berdi.
Bosh vazir birinchi oʻrinbosari Achilboy Ramatov shaxsiy nazorati ostida xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda. Favqulotda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, pudratchi qurilish tashkilotlarining kuch va vositalari yordamida yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda.