TOSHKENT, 8 yanv - Sputnik. General Qosim Sulaymoniyning oʻldirilishi ortidan AQSH va Eron oʻrtasida yuzaga kelgan keskinliklar 8 yanvar kuni Istambulda Rossiya Federatsiyasi va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Toyyib Erdoʻgʻon oʻrtasidagi muzokaralarning eng muhim mavzularidan biriga aylanadi. Bu haqda Turkiya yetakchisi matbuot kotibi Ibrohim Qalinning bayonotiga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
Bunga qadar, Kreml matbuot xizmati, Putin 8 yanvar kuni Turkiyaga tashrifi chogʻida "Turk oqimi" gaz quvurini ishga tushirish marosimida ishtirok etishi va Erdoʻgʻon bilan Suriya va Liviyadagi vaziyat haqida suhbatlashishi maʼlum qilingan edi.
"Ushbu hodisadan (Sulaymoniyning oʻldirilishi) keyingi dastlabki soatlardan boshlab bizning prezidentimiz juda jadal diplomatik ishlarni amalga oshirmoqda. Ushbu mavzu Putin bilan mamlakatimizga tashrif buyuradigan muzokaralar davomida asosiy mavzulardan biri boʻladi. Bizning mintaqamiz doimiy toʻqnashuvlardan, tashqi kuchlarning aralashuvidan charchagan. Afsuski, AQSH va Eron oʻrtasidagi munosabatlar tobora yomonlashib borayotganini koʻrmoqdamiz va barchani keskinlikni kamaytirishga chaqiramiz", - dedi Qalin jurnalistlarga.
Bundan tashqari, u Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakatni kelajakka yetaklay olmasligini qoʻshimcha qildi.
"Bizning pozitsiyamiz aniq: biz (Suriya prezidenti Bashar) Asad mamlakatni kelajakka yetaklaydigan rahbar emasligini koʻrayapmiz. Prezidentimiz va Putin oʻrtasidagi muzokaralar davomida Idlibdagi voqealar asosiy mavzulardan biri boʻladi", - deya tushuntirib oʻtdi Qalin.
Eslatib oʻtamiz, AQSH 2-yanvar kuni Bogʻdod aeroportiga amalga oshirgan raketa zarbasi natijasida Islom inqilobiy qoʻriqchilar korpusining Quds maxsus kuchlari boshligʻi general Qassam Sulaymoniyni yoʻq qildi.
Maʼlumki, Eron Oliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Shamxani mamlakatda Sulaymoniyning oʻldirilgani uchun AQShdan oʻch olishiga 13 stsenariy mavjud va Amerika lideri Donald Tramp oʻz navbatida AQSH fuqarolari hujum qilinsa Eronning 52 nishoniga "tez va kuchli zarba" berishga vaʼda bergan..
Avvalroq Sputnik radiosi Ruhoniy Erdoʻgʻonga AQShga qarshi birlashishni taklif qilganini xabar qilgan edi.