TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. “Gazprombank” AJ Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasining qurilishi va “Mustaqillikning 25-yilligi” konini qo‘shimcha razvedka qilish va rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga qiziqish bildirdi.
Bu haqda Energetika vazirligidagi “Gazprombank" AJ (Rossiya) rahbariyati bilan uchrashuvda ma’lum qilindi. Unda energetika vaziri o‘rinbosari Umidjon Isroilov va “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev “Gazprombank" AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Aleksey Matveyenko boshchiligidagi delegatsiya bilan hamkorlikning dolzarb masalalari va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdi.
Muzokaralarda bank neft va gaz sohasida faol hamkorlik qilib kelayotgani alohida ta’kidlandi. Umumiy moliyalashtirilish qariyb 900 million dollar mablag‘ni tashkil etishi, jumladan, uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish dasturi, GTL zavodining qurilishi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va boshqalar ekani eslatib o‘tildi.
“Gazprombank”AJ rahbariyati Surxondaryo viloyatida gaz-kimyo majmuasining qurilishi va “Mustaqillikning 25-yilligi" konini qo‘shimcha razvedka qilish va rivojlantirish bo‘yicha" kabi boshqa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qiziqish bildirdi”, - deyiladi “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabarida.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasining barcha sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.