TOSHKENT, 29 yanv - Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston havo yoʻllari faoliyatini, xususan fuqaro aviatsiyasi sohasidagi holatni qattiq tanqid qildi. Tanqidiy fikrlar Mirziyoyev tomonidan 28 yanvar kuni transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda yangragan.
Taʼkidlanishicha, milliy aviakompaniya negizida tashkil etilgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aktsiyadorlik jamiyatlari mustaqil tashkilotlar sifatida faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻymagani sababli islohotlar natijasi koʻrinmayapti.
Shuningdek, oʻtgan yili 4 ta aeroportda “ochiq osmon” rejimi joriy etilib, “beshinchi havo erkinligi” oʻrnatilgan edi. Ammo hanuzgacha bironta ham xorijiy aviakompaniya jalb qilinmagan. Bu holat yoʻlovchilarning asosli eʼtirozlariga, boshqa xorijiy aviakompaniyalar xizmatidan foydalanishiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois, Jahon bankining tavsiyalari asosida sohada olib borilayotgan islohotlarni toʻliq yakuniga yetkazish va raqobat muhitini yaratish boʻyicha topshiriqlar berilgan.
Navoiy va Termiz xalqaro aeroportlarini yuk tashish xabiga aylantirish maqsadida “ochiq osmon” rejimini joriy etib, xorijiy yuk tashuvchi aviakompaniyalarni keng jalb qilish vazifasi belgilangan.
Yangi aviakompaniyalar faoliyati uchun sharoit yaratish va parvozlar geografiyasini yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlangan.