TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Yangi turdagi koronavirus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahrining asosiy korxonalari o‘z faoliyatlarini qayta tiklashlari mumkin. Ushbu qaror epidemiya vaziyatining ancha yaxshilanishi ortidan qabul qilingan. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, birinchi navbatda milliy iqtisodiyot va xalq farovonligini rivojlantiradigan muhim korxonalar ishni qayta tiklaydi. Ular qatorida tibbiy uskunalar, dori vositalari, himoya va dezinfeksiya vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bor.
Shahar kommunal xizmati, jumladan, suv, issiqlik ta’minoti kabi hayot uchun zarur bo‘lgan korxonalar ham o‘z ishlarini to‘liq qayta tiklashlari mumkin.
Qolaversa, do‘konlar, supermarketlar, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar, yetkazib berish xizmati va elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga odatdagi ish rejimiga qaytishga ruxsat berilgan.
Boshqa kompaniyalar ishlarini 20-martdan keyin qayta tiklashlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati 2019-yil 31-dekabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) mamlakatning markaziy qismidagi (Xubey provinsiyasi) Uxan shahrida kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi haqida xabar bergan edi. Aynan Uxan koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgan. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisini aniqladilar - bu yangi koronavirus. JSST ushbu kasallikni xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb tan oldi va ushbu kasallikka rasmiy COVID-19 nomini berdi.
2020 yilning 11-mart holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlarning umumiy soni 119 mingdan oshgan. Koronavirus 100 dan ziyod mamlakatda qayd etilgan. Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Eronda virusning avj olishi kuzatilmoqda. Mazkur kasallikdan 4292 kishi vafot etgan va 66 mingdan ziyod kishi esa tuzalib ketgan.