TOSHKENT, 27 mar - Sputnik. AQSH va Yevropadagi neftni qayta ishlash zavodlari, narxlar pasayganiga qaramay, Saudiya Arabistonidan qoʻshimcha hajmdagi neft sotib olishni rad etishmoqda, deb xabar beradi RIA Novosti The Wall Street Journal nashriga tayanib.
Ularning soʻzlariga koʻra, Saudiya Arabistoni shu sababdan yangi xaridorlarni topishda qiynalmoqda. Buning sababi, mijozlar omborxonalarning yetishmasligi muammosiga duch kelmoqdalar, bu esa ularga yoqilgʻining yangi hajmlarini sotib olishini qiyinlashtirmoqda.
Birja sotuvchilarning soʻzlariga koʻra, Hindistonda ham neftga talab pasaygan, bu ham koronavirus atrofidagi vaziyat bilan bogʻliq. Takidlanganidek, shu paytning oʻzida, Rossiya oʻz mahsulotini neftga boʻlgan talab ortib borayotgan Xitoyga yoʻnaltirishga muvaffaq boʻldi.
Neft bozoridagi inqiroz OPEK+ bitimining buzilishi va Saudiya Arabistonining qazib olishni kuniga 13 million barrelgacha oshirish haqidagi vaʼdasidan keyin yuz berdi. Yil boshidan beri neft narxi ikki baravar arzonladi.
The Wall Street Journal taʼkidlashicha, narxlarni pasaytirish bilan, Ar-Riyod bozorning Rossiya ulushini, ayniqsa Yevropaning baʼzi qismlaridagi ulushini tortib olishga umid qilmoqda.