TOSHKENT, 29 mar — Sputnik. Samarqandda aholi orasida vaxima tarqatmoqchi boʻlgan shaxsga 30 sutka qamoq jazosi tayinlandi.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabariga koʻra, viloyatning Paxtachi tumanida yashovchi, 1977 yilda tugʻilgan A.SH. 2020 yil 25 mart kuni soat marhum mahalladoshi koʻp miqdorda spirtli ichimlik isteʼmol qilganligi oqibatida vafot etganligini eshitgan. Keyin bir nechta telegram kanallariga uning koronavirusga chalinib, koʻp aroq ichib vafot etgani haqida yolgʻon maʼlumot tarqatgan.
Paxtachi tuman Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudi tomonidan ushbu fuqaroga Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 205-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganligi uchun 30 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksi 244-5-modda bilan toʻldirildi. Unga koʻra, karantin davrida inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish BHMning 200 baravarigacha (44, 600 mln soʻm) jarima jazosiga tortishga, 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari va 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolashga sabab boʻladi. Shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash va 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.