TOShKENT, 25-may - Sputnik. Bugun O‘zbekistondagi barcha maktab bitiruvchilari uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq onlayn ravishda bo‘lib o‘tadi. Bu haqida "Ta’lim" telegram kanali xabar qilmoqda.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” onlayn tadbirida maktab direktorlari, o‘qituvchilar va ota-onalar bitiruvchilarni bayram bilan onlayn tarzda tabriklashadi. Shuningdek, bitiruvchilarning o‘zlari ham jonli efirda o‘z do‘stlari va ustozlariga tilaklar bildirish imkoniga ega boʻlishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bitiruvchilar o‘z postlarida #bitiruvchi_2020_onlayn xeshtegidan foydalangan holda ushbu bayramga qoʻshilishlari mumkin.
Tadbir nihoyasida so‘nggi qo‘ng‘iroq jiringlab, “Xayr, maktabim” qo‘shig‘i birgalikda kuylanadi.
Tadbirni soat 08:30 da UZREPORT TV da hamda telekanalning Feysbuk va Yutubdagi sahifalari orqali jonli efirda tomosha qilish mumkin.