TOSHKENT, 24 iyun - Sputnik. Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Moskvaning Qizil maydonidagi Gʻalaba paradida ishtirok etdi.

"Pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan hozirgi murakkab vaziyatda, davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishi ajdodlarimizga xos boʻlgan qahramonlik timsolidir, - deyiladi Mirziyoyev matbuot xizmatining bayonotida. -Prezidentimiz yana bir bor Oʻzbekiston xalqining sharafli Gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasiga hurmat bajo keltirdi”.
Mustaqil Oʻzbekiston rahbari kabi, mamlakat harbiylari ham paradda birinchi marta ishtirok etdilar.

“Xalqaro miqyosda, qaygʻu va iztiroblardan omon qolib, frontda va front ortida toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotishlarga duchor boʻlgan jasur xalqimizning xizmatlari nishonlandi”, - deyiladi habarda.
Qizil maydonda boʻlib oʻtgan marosimda jaʼmi 225 ta harbiy texnika, 13 ta davlatdan 14 ming askar va zobitlar ishtirok etdi. Rossiya poytaxti uzra parad safida 55 samolyot va 20 vertolyot uchib oʻtdi.

Paraddan soʻng davlat rahbarlari Aleksandr bogʻidagi nomaʼlum askar qabri poyiga gul qoʻydilar.
Mirziyoyev matbuot xizmatiga koʻra, harbiy harakatlar Oʻzbekiston chegaralaridan ancha narida sodir boʻlgan boʻlsa-da, qiyinchilik va azob-uqubatlar har bir oilaga taʼsir qildi.

Urushga 1 million 951 ming odam safarbar etildi, 200 mingdan ortiq askar va zobitlar harbiy mukofotlar bilan taqdirlandilar.
Oʻzbekistonga 1,5 million odam evakuatsiya qilindi, shu jumladan 250 mingdan ortiq yosh bolalar.