TOSHKENT, 17 iyul — Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Sanjar Abdukadirov vafot etdi.
“Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi oʻzining yetuk va tajribali mutaxassisidan ayrildi”, - deyilgan xabarda.
Sanjar Abdukadirov – 1980 yilda Namangan shahrida tavallud topdi. Namangan muhandislik iqtisodiyoti instituti va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasini bitirgan. “OʻzLiDep” partiyasi aʼzosi boʻlgan.
Uzoq yillar davomida Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, Davlat mulki qoʻmitasi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasida foaliyat olib borgan.
Ayni kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qonun hujjatlarini va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga taʼsirini baholash boshqarmasi boshligʻi lavozimida mehnat qilayotgan edi.